Shajara

Ishtixonning so’nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxon ibn Sayyid Ibrohimxo’ja

Razzaviy Husayniy Hoshimiy Qurayshiy

(1860—1916)

Sayyid Ibrohimxo’ja o’g’li Qozi Sayyid Bahodirxon XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o’tgan Samarqand viloyatining Ishtixon shahrida oxirgi qozi lavozimida faoliyat qilgan hamda shariat ulamosi, faqih va Mir Arab madrasasining mudarrisi sifatida ham faoliyat yuritgan yetuk shaxsdir.

Qozi Sayyid Bahodirxonning tug’ilib o’sgan Ishtixondagi “Safoxo’ja” qishlog’i tarixiy manbalarga qaraganda, sayyidlar, eshonlar va xo’jalar avlodlari yashagan mintaqa hisoblanadi. Aynan shu qishloq Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodlaridan bo’lmish XVIII asrning boshlarida yashab o’tgan va asli Buxoro sayyidlaridan bo’lgan Sayyid Qaroxo’ja Buxoriy, ukasi Sayyid Abdurahmonxo’ja Buxoriy va Mir Arab madrasasida mudarris bo’lib ishlagan kuyovi Sayyid Safoxo’ja (boshqa manbalarda Naqshbandiya tariqati xalifasi, Mudarris Muhammad Safo Xoja deb ham keltirilgan) tarafidan shu qishloqqa asos solingan ekan. Qishloq tarihiga oid manbalarga va rivoyatlarga ko’ra qishloq hududidagi yerlar Buhoro amiri Amir Haydar tomonidan aka-uka Sayyid Qaroxo’ja Buhoriy va Sayyid Abdurahmonxo’ja Buhoriylarga yer mulk sifatida ajratib berilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxonning yozma manbalardagi nasab shajarasiga binoan, uning o’zi Husayniy sayyidlardan ya’ni Imom Husayn ibn Imom Ali ibn Abu Tolib r.a.ning avlodlaridan hisoblanib, shajarada 38-avlod vakili ekanligi qayd qilingan. U kishining otalari Sayyid Ibrohimxo’ja hunarmand bo’lish bilan birga, diniy bilimlarni ham puhta egallagan. Shu boisdan ham, o’z o’g’liga bolalik chog’idanoq ta’lim tarbiya bergan. Sayyid Bahodirxon otasi va bobosidan bilimlarni egallagan, ko’plab ilmiy anjumanlarda hadis darslarini tinglagan. 12 yoshida Qur’oni Karimni yod olgan. Sayyid Bahodirxon Xojagon-Naqshbandiya tariqati ilmi bo’yicha dastlab Naqshbandiya tariqatining mashhur murshidi Xalifa Muhammad Husayn Buxoriy (1753-1833)ning xalifasi Safoxo’janing shogirdi bo’lgan bobosi Mullo Sayyid Rahmatullohxo’jadan, so’ng uning shogirdi Qozi Sayyid Munavvarxo’ja ibn Sayyid Hidoyatxo’jadan ta’lim tarbiya olgan. Avvaliga qishloq madrasasida tahsil olib, keyinchalik Buxorodagi Mir Arab madrasasida ilm olishni davom ettirgan. Sayyid Bahodirxon arab va fors tillarini mukammal bilgan va shu bilan birga tarix, fiqh (islom qonunshunosligi), falsafa va shunga ox’shash ko’plab bilimlarni egallagan. Arastu va Suqrotlarning hayoti bilan qiziqqan. Tasavvuf namoyondalari va ulug’ avliyolar Sayyid Muhammad Bahouddin Naqshbandiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro kabi shayxlar ta’limotini ham o’rgangan. Sheroziy va Alisher Navoiy ijodi bilan ham bahramand bo’lgan. Bu bilimlar samarasi o’laroq keyinchalik esa, Sayyid Bahodirxon Mir Arab madrasasining mudarrisi lavozimigacha ko’tarilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodlariga berilgan shajaraga nazar solinsa, u ota tomonidan Sayyid Burhoniddin Sulaymon Al-Qodiriy ibn Sayyid Imomiddin ibn Sayyid Qosim ibn Sayyid Muhammad Sha’bon Ibn Sayyid Ahmad (laqabi Sayyid Ota) Buloqiy ibn Sayyid Muhammad Husayn Hilvatiy ibn Sayyid Muhammad ibn Sayyid Ali Akbar ibn Sayyid Imom Al-Askariy ibn Imom Ali Al-Naqiy ibn Imom Muhammad Al-Taqiy…ga borib qadaladi.

Kubraviya tariqati mashhur murshidi Shayx Maxdumi Xorazmiyning maqomati bo’lmish qadimiy «Jodatul Oshiqin» (muallifi Sharofuddin Husayn Xorazmiy) qo’lyozma kitobida ham mazkur Sayyid Ahmad — avliyo Sayyid Otaning nasablari quyidagicha: Sayyid Ahmad (laqabi Sayyid Ota) Hilvatiy ibn Sayyid Muhammad ibn Sayyid Muhammad Ibn Sayyid Ali Akbar ibn Sayyid Imom Al-Askariy ibn Imom Ali Al-Naqiy al-Askariy ibn Imom Muhammad Al-Taqiy…deb keltirilganligi ham ansob ilmida tarixiy ahamiyatga egadir.

Ya’ni Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida keltirilgan ajdodi Sayyid Ahmad — avliyo Sayyid Otaning  nasabnomasi va qadimiy «Jodatul Oshiqin» qo’lyozma kitobida keltirilgan avliyo Sayyid Ota laqabli — Sayyid Ahmadning nasabnomasi bir-biri bilan hamda boshqa qadim qo’lyozma shajaralar bilan solishtirilganda, ushbu shajaralar ham bir-biriga muvofiqligini ko’rsatadi. Kezi kelganda shuni aytish joizkim, tarixda sayyidlar avlodidan etishib chiqqan Sayyid Ota ismli avliyo zotlar juda ko’p bolgan, o’z davrida mashhur bo’lgan bunday ismli shaxslarning nomlari ko’plab qo’lyozma shajalarda uchraydi va ularning avlodlari o’zlarini Sayyid Ota avlodlari, yani sayyidotoiy sayyidlar deb atab kelishgan.

O’z navbatida esa, Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida keltirilgan ajdodi — avliyo Sayyid Burhoniddin Sulaymon Al-Qodiriy (bu erda Al-Qodiriy deb atalishi Shayx Abdulqodir Jiloniy G’avsul A’zam asos solgan «Qodiriya» tariqatida bo’lganligini anglatadi) Sayyid Ahmad (laqabi Sayyid Ota) Buloqiyning avlodi bo’lib, ul zot orqali nasabi Sayyid Imom Al-Askariy r.a. ning o’g’li hisoblanmish Sulton Sodot deb nom qozongan Sayyid Ali Akbarga borib ulanadi. Sayyid Ali Akbar (boshqa manbalarda Sayyid Ali, yoki Ali Asg’ar deb ham keladi) esa, Imom Al-Askariyning (o’n birinchi imom) ikkinchi o’g’illari bo’lgan, degan ma’lumotlar va rivoyatlar ba’zi tarixiy ansob (nasab) kitoblarida va qo’lyozma manbalarda qayd qilingan.

Dunyodagi «Naqib Sadat al-Ashraf» nasabnomalarni tadqiq etish va tasdiqlash xalqaro naqobat tashkilotlari mutaxassislari olib borgan tadqiqotlari natijasiga ko’ra, qadim ilk ansob (nasab) ilmiga oid asarlarda Sayyid Imom Hasan Al-Askariy r.a.ning Sayyid imom Muhammad Al-Askariy Al-Ba’aj ismli akasi bo’lganligi va uning Sayyid Ali (laqablari-Akbar, Asg’ar, al-Amir, at-Taqiy, al-Muttaqi) ismli o’gli bo’lib, uning avlodlari diyorimizda tarqalganligi va ansob kitoblarida ular «Sohib Al-Askar» va «Sadati Buhoriy» «Sadati al-Baaj» «Sohib al-Naqiy al-Askariy» deb atalishi haqida, Buhoro va Samarqand hududida hamda Eron, Iroq va Arab davlatlarida ayniqsa Basra, Najaf, Bog’dod, Maysan, Kadisiya, Vasit o’lkalarida Sayyid Ali ibn Sayyid imom Muhammad Al-Askariy Al-Ba’aj ibn Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyning avlodlari mavjudligi to’g’risida va ular «Sadat al-Ba’aj», «Sadati Buhoriy Al-Baaj»  deb atalishlari haqidagi ma’lumotlar ham manbalarda uchraydi. Ushbu sulola vakillarining nasab shajaralarida Sayyid Ali ning Sayyid Muhammad ismli o’glidan avlodlar dunyoga tarqalganligi qayd etilgan. Xozirda ushbu sulola avlodlari arab diyorlarida «Naqviy Razaviy sayyidlar» vа «Sadati Razaviy Husayniy» deb nomlanib kelinadilar.  Dunyodagi  ko’plab mashhur avliyolarning nasablari aynan Sayyid Ali Akbar ibn Imom Al-Askariy ibn Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyga ya’ni 11-chi Imomga borib ulanishi to’g’risidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda va ayniqsa qadim qo’lyozma nasab shajaralarda ko’plab bayon etilgan. Bu erda yana bir ilmiy xulosa yuzaga keladi chunonchi Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyning o’gli Sayyid Muhammad otasidan so’ng imom etib tayinlanishi kerakligi sababdan Imom deb nomlanganligini hamda uning ham taxalluslaridan biri Al-Askariy bo’lganligini inobatga olishimiz kerak bo’ladi. Shuningdek,  Qozi Sayyid Bahodirxonning avlodlarida saqlanayotgan ikki qo’lyozmada ya’ni “Nasabnoma-i Sharif” larning mantlarida Imom Hasan Al-Askari ismi bilan Sayyid Imom Muhammad Al-Askari ismi ham keltirilgan. Ushbu qo’lyozma shajara aslida Qozi Sayyid Bahodirxonning bobolariga berilgan bo’lib, avlodlari qo’lida saqlanayotgan ikki qo’lyozma shajaralar uning takroriy qadim nusxalaridir. Avlodlar qo’lida saqlanayotgan ikki qo’lyozma shajaralarning xoshiyasida mazkur shajaralar hijriy 1244 yilda, milodiy 1828 yilda tasdiqlanganligi ham qayd etilgan.  Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodi bo’lgan Sayyid Ali Akbarning qabri Termizdagi Sulton Saodat (Sodot) majmuasidagi maqbarada joylashganligi haqidagi  ma’limotlar manbalarda qayd etilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxon 1895 yilda Ishtixonga qozi lavozimiga tayin etiladi. Hanafiy mazhabiga ko’ra shariat qoidalarini tatbiq qiladi va el orasida yetuk faqih sifatida taniladi. Shu bilan birga Naqshibandiya tariqati ta’limotini ham xalq orasida keng targ’ib qiladi.   1911 yilda o’z mablag’idan Ishtixon shahrida katta xonaqoh barpo etadi. Xonaqohda masjid, kutubxona va zikr ahli to’planadigan zikrxona mavjud bo’lib, tevaragi mutolaa uchun kichik hujralardan iborat bo’lgan. Afsuski ushbu katta xonaqoh Sovet hukumati davrida vayronaga aylangan. Hozirda xonaqohning o’rnida Ishtixon dehqon bozori bunyod etilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxon umrining oxirigacha ya’ni 21 yil Ishtixon qozisi lavozimida ishlagan va oxirgi yillarini o’zi tug’ilib o’sgan Safoxo’ja qishlog’ida kechirgan. 1916 yil Safoxo’ja qishlog’ida vafot etadi va o’sha erdagi “Safoxo’ja” qabristoniga dafn etiladi.   Qozi Sayyid Bahodirxonning farzandlari otasini qabri ustiga maqbara bunyod etadilar. Ammo “quloqlashtirish” davrlarida “yurt egasi” bo’lib qolgan ayrim hudobehabar ochofatlar mazkur maqbarani va qishloqdagi katta madrasani vayronaga aylantirib, uning pishiq «nikolay» g’ishtlarini sotib yeb yuboradilar. Mustaqillikning ilk yillarida “Safoxo’ja” qabristonidagi sayyidlarning qabrlari yana obod qilina boshladi, Qozi Sayyid Bahodirxonning avlodlari ham bobolarining qabr toshini yangitdan tikladilar.  Alloh barcha o’tgan azizlarimizni o’z rahmatiga olsin.

Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning ota tomondan shajarasi

  1. Hazrati Muhammad (s.a.v.)
  2. Bibi Fotima Zahro va Hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a.)
  3. Imom Husayn (r.a.)
  4. Imom Zaynulobidin (r.a.)
  5. Imom Muhammad Boqir (r.a.)
  6. Imom Ja’fari Sodiq (r.a.)
  7. Imom Muso Kozim (r.a.)
  8. Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.)
  9. Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.)
  10. Imom Ali Al-Naqiy Al-Hodiy (r.a.)
  11. Sayyid Imom Al-Askariy (r.a.) (boshqa matnda va ansob manbalarida aslida — Sayyid Imom Muhammad al-Askariy al-Baaj)
  12. Sayyid Ali Akbar  (Sulton Sodot (Saodat) Termiziy, Sayyidlar sultoni va amiri nomi bilan mashxur, laqablari — Akbar, Asg’ar, al-Amir, at-Taqi, al-Muttaqi)
  13. Sayyid Muhammad  (boshqa bir manbada bu zotni alloma Hakim at-Termiziy bo’lgan degan xulosaga kelingan) 
  14. Sayyid Naqib Muhammad Husayn Xilvatiy (Naqib deb atalishi — uni o’z davrining Sayyidlari Naqibi bo’lganligini bildiradi) 
  15. Sayyid Ahmad Buloqiy (boshqa manbada Ahmad Xilvatiy, alqobi (laqabi) Sayyid Ota (Ato) alayhirrahma)
  16. Sayyid Muhammad Sha’bon
  17. Sayyid Qosim
  18. Sayyid Imomiddin (uning akasi Sayyid Zaynulobidin mashxur avliyo Shayx Bahouddin Naqshbandning ajdodi)
  19. Sayyid Burhoniddin Sulaymon al-Qodiriy al-Buxoriy (Qodiriya-G’iloniya tariqati piri murshidi. Ukasini ismi — Sayyid Shamsiddin Umar al-Buxoriy)
  20. Sayyid Amir Xasan
  21. Sayyid Solih Ahmad Ato (alqobi (laqabi) Sayyid Ato)
  22. Sayyid Amin Xo‘ja
  23. Sayyid Nasim Xo‘ja
  24. Sayyid Eshon Hakim Xo‘ja
  25. Sayyid Alouddin Xo‘ja
  26. Sayyid Ahmad Xo‘ja
  27. Sayyid Nosir Xo‘ja
  28. Sayyid Munavvar Xo‘ja
  29. Sayyid Najmiddin Xo‘ja
  30. Sayyid Qodirberdi Xo‘ja
  31. Sayyid Muhammad Amin Xo‘ja laqabi Zohid
  32. Sayyid Xo‘jajon Xo‘ja
  33. Sayyid Avliyoxon Xo‘ja
  34. Sayyid Abdulmannon Xo‘ja
  35. Sayyid Qaroxo‘ja Buxoriy (Buxoro shahridan bo’lgan)
  36. Sayyid Ahmad Xo‘ja
  37. Sayyid Saidulloh Xo‘ja
  38. Sayyid Rahmatulloh Xo‘ja
  39. Sayyid Ibrohim Xo‘ja
  40. Qozi Sayyid Bahodirxon (1860-1916, Ishtixonning so’nggi qozisi, 21 yil qozi va madrasalarda mudarrislik qilgan)

 Qozi Sayyid Bahodirxonning Xojagon-Naqshbandiya tariqati oltin zanjiridagi silsilasi:

  1. Hazrati Muhammad s.a.v.
  2. Hazrati Abu Bakr Siddiq r.a.
  3. Salmoni Forsiy r.a.
  4. Qosim ibn Muhammad r.a.
  5. Imom Ja’fari Sodiq r.a.
  6. Boyazid Bistomiy q.s.
  7. Abul Hasan Haraqoniy q.s.
  8. Abu Ali Farmadiy q.s.
  9. Yusuf Hamadoniy q.s.
  10. Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy q.s.
  11. Orif Revgariy q.s.
  12. Mahmud Anjir Fag’naviy q.s.
  13. Ali Romitaniy q.s.
  14. Muhammad Boboyi Samosiy q.s.
  15. Sayyid Amir Kulol q.s.
  16. Sayyid Muhammad Bahouddin Naqshband Buhoriy q.s.
  17. Sayyid Alouddin Attor q.s.
  18. Yoqub Charxiy q.s.
  19. Xoja Ubaydulloh Ahrori Valiy q.s.
  20. Muhammad Zohid q.s.
  21. Darvesh Muhammad q.s.
  22. Xojagi Imkanagiy q.s.
  23. Muhammad Boqi Billoh q.s.
  24. Imom Rabboniy q.s.
  25. Xoja Muhammad Sa’id q.s. (vafoti 1659 y.)
  26. Mavlono Abdulahad q.s.
  27. Shayx Muhammad Obid q.s. (vafoti 1746 y.)
  28. Sayyid Musoxon Xoja Dahbediy q.s.
  29. Xalifa Muhammad Siddiq q.s. (vafoti 1795 y.)
  30. Xalifa Muhammad Husayn Buhoriy q.s. (vafoti 1833 y.)
  31. Xalifa Muhammad Safo Xoja q.s.
  32. Mulla Sayyid Rahmatulloh Xoja ibn Sayyid Sa’dulloh Xoja
  33. Qozi Sayyid Munavvar Xoja ibn Sayyid Hidoyat Xoja (20 yil Ishtixon qozisi bo’lgan, vafoti 1895 y.)
  34. Qozi mudarris Sayyid Bahodirxon Xoja (1860-1916, Ishtixonning so’nggi qozisi, 21 yil qozi va madrasalarda mudarrislik qilgan)

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlar” Xalqaro Jamiyati mazkur shaxsning avlodlarida saqlanib kelayotgan shajarani tadqiq qilish va qayta tasdiqlash baxtiga muyassar bo’ldi. Jamiyatning mutaxassislari tomonidan shajara o’rganilishi borasida juda ko’pgina tarixiy manbalar guvohi ham bo’lindi. Shoyad bu tarixiy hujjatlar kelajakda dunyodagi boshqa manbalarga ham oydinlik kiritsa ajab emas. Quyida Iroq va Jazoyir davlatlaridagi  «Naqib Sadat al-Ashraf» xalqaro naqobat tashkilotlari tomonidan Qozi Sayyid Bahodirxon avlodlari shajarasining tadqiq etilib tasdiqlanganligi xaqidagi sertifikatlar nusxalarini Sizlarga havola qilamiz.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari”

Xorijiy Xalqaro Jamiyati  raisi  Sayyid Sardorxon Jahongir Jiyloniy Hasaniy 

Опубликовано
В рубрике Maqolalar Отмечено